TOShKENT, 27 yanv - Sputnik. 2019-yilda O‘zbekiston o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2,32 mln so‘mni tashkil etdi. Ushbu raqamlar Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida keltirilgan.
O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi tarkibiga ish haqiga ustama, mukofot, rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar, kompensatsiya va ishlanmagan vaqt uchun haq kabi to‘lovlar kiritilgan, shuningdek, uning tarkibida jismoniy shaxslar daromad solig‘i va kasaba uyushmasiga to‘lovlar ham mavjud.
Ta’kidlanishicha, 2018-yilning mos davriga nisbatan 27,5 foizga oshish holati kuzatilgan.
O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichidan sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish faoliyati – 34 foizga, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar - 24,6 foizga, ta’lim sohasi - 20,8 foizga sezilarli darajada past bo‘lgan.
Bank, sug‘urta, lizing va kredit - vositachilik faoliyati - 106,4 foizga, axborot va aloqa sohasi - 70,9 foizga respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqoriligi kuzatilgan.
Iqtisodiy faoliyatning barcha turlarida 2018-yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining o‘sishi kuzatilgan. Ayniqsa yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar - 40,1 foizga, bank, sug‘urta, lizing va kredit-vositachilik faoliyatida - 37,2 foizga, ta’lim sohasida - 33,3 foizga sezilarli o‘sish kuzatilgan.
Ma’lumot uchun: “O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi” ko‘rsatkichi iqtisodiyotda ish haqini baholashning uslubiy qoidalariga va xalqaro tavsiyalarga muvofiq, muayan vaqt (soat, oy, yil) davomida xodim tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar (bajarilgan ishlar yoki ko‘rsatilgan xizmatlar) evaziga ish beruvchilar tomonidan amaldagi qonun hujjatlariga asoslangan holda, soliq va boshqa to‘lovlarni o‘z ichiga oluvchi yollanma xodimlarning mehnatiga haq to‘lash tarzida jismoniy shaxslarga pul shaklida hisoblangan daromadlardan aniqlanadi.