TOShKENT, 27 yanv - Sputnik. O‘zbekiston hukumati va Jahon banki (JB) maslahat xizmatlari to‘g‘risida bitim imzoladilar. Uning maqsadi milliy fuqarolik aviatsiyasini modernizatsiya qilishda ko‘mak berishdan iborat. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, bu tomonlar o‘rtasida tuzilgan ikkinchi kelishuvdir Birinchi kelishuv shartlariga muvofiq, Bank 2019-yil avgust oyida maslahat xizmatlarini ko‘rsatishni yakunladi.
“Yangi kelishuvlar Jahon bankining fuqarolik aviatsiyasi bo‘yicha milliy siyosatni va turli segmentlarning rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda hukumatga ko‘rsatadigan yordamini o‘z ichiga oladi. Ushbu jarayon O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi, Fuqarolik aviatsiyasi agentligi, “Uzbekistan Airways” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladi”, - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Humo Air aviakompaniyasi tashkil etilgani xabar qilingan edi. Vazirlar mahkamasining qaroriga ko‘ra, yangi aviakompaniya tashkil qilish ishlari 2 oy ichida yakunlanishi kerak.