TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. Shavkat Mirziyoyevning 22-yanvardagi qarori bilan Vazirlar mahkamasining yangilangan ijro etuvchi tuzilmasi tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, Vazirlar mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari – transport vaziri lavozimi tugatilib, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritildi.
Shuningdek, Vazirlar mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida bir qator lavozimlar va kotibiyatlar tugatilib, boshqa lavozimlar kiritildi va tegishli kotibiyatlar tashkil etildi.
Jumladan, bosh vazirning ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimlari kiritildi, Investitsiyalar, eksportni qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyatlari kabilar tashkil etildi.
Qaror bilan Vazirlar mahkamasining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 241 nafar shtat birligidan iborat bo‘lgan yangilangan ijro etuvchi tuzilmasi tasdiqlandi.