TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidagi matbuot anjumanida xorijda vafot etgan fuqarolarni vatanga olib kelish qay tartibda amalga oshirilishi va sarflanadigan pul ma’lum qilindi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar qilmoqda.
“Xorijda vafot etgan fuqarolarni olib kelish jarayoni ikkiga bo‘linadi. Birinchi jarayon vafot etgan fuqaroning jasadini olib ketishga tayyorlashdir. Ikkinchi jarayon bu olib ketishning o‘zi. Jasadni olib ketishga tayyorlashga 1000 dollardan 1500 dollargacha pul belgilab qo‘yilgan. Transport xizmatlari, tranport xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning tarifi bo‘yicha bu chegaraladi”, - dedi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Baxtiyor Tursunov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2019-yilda O‘zbekistonga 308 nafar fuqaroning jasadi olib kelingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik migrantlarga jamg‘arma hisobidan sug‘urtalash bo‘yicha subsidiya joriy etilgani xabar qilingan edi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “O‘zagrosug‘urta”AJ bilan tuzgan memorandumiga ko‘ra, chet elga ishga ketayotgan fuqarolarga hayot, sog‘liq va ishga joylashish uchun patent berilishining rad etilishi tavakkalchiligi yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan sug‘urta polisi berilyapti.