TOShKENT, 22 yanv - Sputnik. “Hududiy elektr tarmoqlari” ijtimoiy tarmoqlarda yangi hisoblagich noto‘g‘ri o‘rnatilgani bois haddan ziyod ko‘p ishlagani to‘g‘risidagi xabarlarni o‘rgandi.
Xabarda iste’molchi xonadonidagi yangi o‘rnatilgan elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ga ulangan hisoblagich haddan ziyod ko‘p KVt hisoblotgani ma’lum qilingan.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ o‘rganishlar olib borgan. Ma’lum bo‘lishicha, yuqorida qayd etilgan vaziyat Chilonzor tumani, S massivida istiqomat qiluvchi S. A.bilan sodir bo‘lgan.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, hisoblagich joylashgan shitda xonadonlar raqami xatolik bilan qayd etilgan. Shu bois zamonaviy hisoblagichni o‘rnatish jarayonida elektr ta’minlash liniyasi qo‘shni xonadonga adashib ulab qo‘yilgan.
“Oqibatda yuqorida qayd etilgan holat kelib chiqqan. Chilonzor tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari tomonidan ushbu vaziyat tez fursatda bartaraf etilib, xonadon egasiga elektr energiyasi hisobi belgilangan tartibda qayta hisoblab berildi”, - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning qaroriga asosan 2021-yil yakunigacha 7 milliondan ortiq iste’molchining barchasi hamda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi, etkazib beruvchi va taqsimlovchi korxonalar yagona elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga to‘liq ulanishi ko‘zda tutilgan.