TOShKENT, 21 yanv — Sputnik. Xitoylik mutaxassislar koronavirusning yangi turini odamdan odamga yuqishini aniqladilar, 14 shifokor allaqachon yuqtirib olgan. Bu haqda sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha davlat qo‘mitasining maxsus ekspertlar komissiyasi rahbari Chjan Nanshan ma’lum qildi.
“Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirusning yangi turi odamdan odamga aniq yuqadi. Guandun provinsiyasida ikkita holat qayd etildi, ular Uxanga bormagan, ammo ularning oila a’zolari yangi turdagi koronavirusni yuqtirgan kishilar bo‘lgan joyga borishgan. Shuning uchun endi “virus odamdan odamga yuqadi” deb aniq aytishimiz mumkin”, - dedi Chjun Nanshan so‘zlaridan keltiradi RIA Novosti.
O‘tgan yilning oxirida Xitoy rasmiylari Xubey provinsiyasining Uxan shahrida noma’lum kasallik qayd etilganligini, keyinchalik bu koronavirusning yangi turi ekanligini aytishdi. Bemorlarda isitma, yo‘tal va nafas qisilishi kuzatiladi. Bir necha kishi halok bo‘ldi.
Virus Xitoydan tashqarida ham tarqaldi, Janubiy Koreyada ham yuqtirilishning birinchi holati tasdiqlandi.
Tibbiyot fanlari doktori, immunolog, o‘ta xavfli infeksiyalar bo‘yicha mutaxassis Vladislav Jemchugov Sputnik radiosi efirida mavjud ma’lumotlar juda xavotirli ekanligini aytdi.
“Virus kasallanganlar bilan aloqada bo‘lgan shifokorlarda ham aniqlangani va hattoki shunday ko‘p sonli holatlar ro‘y bergani, virusning epidemiyaga ko‘lamida tarqalishi xavotirga solmoqda. Bugungi kunga qadar virusning odamdan odamga yuqishi haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘q edi. Endi uning yuqish yo‘llarini aniqlash juda muhimdir, agar u havo-tomchi yo‘li bo‘lsa, unda bu yanada jiddiy vaziyat, chunki bunday yo‘l infeksiyaning tez tarqalishiga olib keladi ... Shuning uchun, menimcha, chegaralarda jiddiy choralar ko‘rilishi darkor... Aynan shu virusni to‘g‘ri aniklash uchun diagnostika tizimlarini iloji boricha tez ishlab chiqish kerak. Ehtimol, gap karantin haqida hamdir (kasallanganlar uchun - tahr.)" - dedi Vladislav Jemchugov.
Koronaviruslar - ikki suboilaga bo‘lingan 30 dan ortiq viruslardan iborat oiladir. Ular birinchi marta 1965-yilda ajratib olingan. Odatda, ular odamlarga, uy hayvonlariga, qushlarga, cho‘chqalarga, shuningdek, qoramollarga ta’sir qiladi.