TOShKENT, 14 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi yuqumli kasalliklarning mamlakatga kirib kelishi va tarqalishi qat’iy nazoratga olinganini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, mamlakatda aholining sanitariya epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash, kasallikning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida SSV va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan quyidagi chora tadbirlar amalga oshirilmoqda:
- davlat chegarasi kesishgan joylardagi Sanitariya-karantin punktlaridan o‘tayotgan yo‘lovchilarni sifatli tibbiy-sanitariya ko‘rigidan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda;
- pnevmoniya va boshqa o‘tkir respirator kasalliklari alomatlari bilan aniqlangan bemorlarni alohidalash va shifoxonalarga yotqizish choralari ko‘rilmoqda;
- gripp, O‘RI va pnevmoniya kasalliklariga gumon qilingan bemorlarni shifoxonalarga yotqizish uchun davolash-profilaktika muassasalarini tayyorgarligini ta’minlash, bemorlarni davolash uchun dori-darmonlar va dezinfeksion moddalar zaxirasi aratildi;
- Xitoydan kelayotgan yo‘lovchilar orasida gripp kasalligining og‘ir turlariga, O‘RI va pnevmoniya kasalliklariga gumon qilingan bemorlar aniqlanganda laboratoriya tashxisi uchun namunalar olish tashkil etilmoqda;
- mutaxassislar tomonidan uchuvchilar, bort va temir yo‘l kuzatuvchilarining bilim saviyasini oshirish maqsadida gripp, O‘RI va o‘tkir pnevmoniya kasalliklarining klinikasi, laboratoriya tashxisi, profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlari to‘g‘risida tushuntirish ishlari o‘tkazilmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy burosining ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyda koronovirusning angi turi epidemiyasi yuzaga kelgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, 2020-yilning 11-yanvar holatiga Uxan shahrida 41 ta holatda virusli pnevmoniya kasalligi aniqlangan. Ulardan bir nafari vafot etgan, 6 nafari sog‘ayib, shifoxonadan chiqarilgan. Bemorlarning ko‘pchiligi tana haroratining yuqoriligi hamda nafas olishining qiyinlashishidan shikoyat qilgan. Ko‘krak qafasining rentgenografiya xulosasiga ko‘ra, ayrim holatlarda bemorlarning o‘pkalari shikastlangan. Bugungi kunda kasallikning odamdan odamga yuqishi aniqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq TIV ushbu kasallik sabab Xitoyda bo‘lib turgan yoki u yerga bormoqchi fuqarolarni zaruriy ehtiyot choralarni ko‘rishga chaqirgan edi.