TOShKENT, 20 yanv - Sputnik. Toshkent davlat texnika universitetining Nukus filiali tashkil etiladi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori loyihasi e’lon qilingan.
Qayd etilishicha, filial Toshkent davlat texnika universitetining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhr, blankalar, mustaqil balans hamda O‘zbekiston Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisob varaqlariga ega bo‘ladi.
Filialning asosiy vazifalaridan biri etib konchilik ishi, konchilik elektr mexanikasi, elektr energetikasi, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish va boshqarish, mashinasozlik texnologiyasi va mashinasozlik ishlab chiqarishini avtomatlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlash belgilangan.
Talabalar amaliyoti esa Tebinbuloq kon negizidagi kon-metallurgiya kompleksida tashkil etilishi va ularda ishlash imkoniyati yaratilishi mumkin.
Bundan tashqari xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda kon-metallurgiya sohasida Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda malakali kadrlar tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, filialning mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida chet el fuqarolari uchun ham ta’lim olish imkoniyati kengaytiriladi.
Filialdagi o‘quv jarayoni 2020-2021 o‘quv yilidan boshlanib, talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.