TOShKENT, 4 okt - Sputnik. Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Toshkent filialini tashkil etish to‘g‘risida Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Toshkent filiali institutning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.
Filialda quyidagi bakalavr yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi:
- zooinjeneriya;
- veterinariya meditsinasi;
- veterinariya-sanitariya ekspertizasi;
- veterinariya diagnostikasi va laboratoriya ishlari.
Filialda o‘quv jarayoni 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi va qabul qilinadigan talabalar soni respublika OTMlariga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqib belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti o‘tgan yilning may oyida Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti negizida tashkil etilgan edi.