TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. O‘zbekiston va BAAning “Mubadala” kompaniyasi "Tolimarjon” IES bazasida mavjud energobloklarni xususiylashtirish va yangilarini qurish loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Bu haqda Investitsiya va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, kelishuv Tolimarjon energetika kompleksini xususiylashtirish, rivojlantirish, moliyalashtirish va ekspluatatsiya qilishning mexanizmlari va shartlarini belgilaydi.
Amirlik tomonidan obyektning aksiyalarini sotib olish va xususiylashtirish jarayoni 2020-yilning uchinchi choragida rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda “Tolimarjon” IES xususiylashtirilishi xabar qilingan edi.
Mubadala – Birlashgan Arab Amirliklarining davlat investitsiya kompaniyasi. Kompaniyaning investitsiya portfeli 200 mlrd dollarga teng bo‘lib, uning tarkibi – yoqilg‘i-energetika tarmog‘i, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, metallurgiya, aerokosmik sektorlari, tog‘-kon sanoati hamda sog‘liqni saqlash sohalaridagi aktivlardan iborat.