TOShKENT, 16 yanv - Sputnik. O‘zbekistonda ilk bor chet elda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun mehnat yarmarkasi o‘tkazildi, deb xabar qildi Mehnat va bandlikni ta’minlash vazirligi.
"2020 yil 15-yanvar kuni Andijon hamda Qashqadaryo viloyatida tashkillashtirilgan yarmarkalarda xorijlik ish beruvchilar o‘zlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim qilishdi", - deyiladi xabarda.
Yarmarkada Rossiya Federatsiyasi, Latviya, Bolgariya vakillari o‘z takliflari bilan ishtirok etdi. Shuningdek ularning qatorida mamlakatda faoliyat yuritadigan 20 ga yaqin xususiy bandlik agentligi vakillari ham qatnashdi.
Yarmarkaga tashrif buyurgan mingdan ziyod fuqaro esa jami 150 ga yaqin yo‘nalishda 9000 dan ziyod xorijdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot olish imkoniga bo‘ldi.
Yarmarkada ishtirok etgan 500 nafarga yaqin fuqaro ish beruvchilar taqdim etgan ish o‘rinlarida faoliyat ko‘rsatish istagini bildirdi.
Bu kabi yarmarkalar yurtimizda xavfsiz, tartibli, tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.