TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda chet elga ishga ketayotgan fuqarolarga jamg‘arma hisobidan “Hayot, sog‘liq va ishga joylashish uchun patent berilishining rad etilishi tavakkalchiligini” sug‘urtalash bo‘yicha subsidiya joriy etildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Samarqand viloyat filiali direktori ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “O‘zagrosug‘urta”AJ bilan tuzgan memorandumiga ko‘ra, chet elga ishga ketayotgan fuqarolarga hayot, sog‘liq va ishga joylashish uchun patent berilishining rad etilishi tavakkalchiligi yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan sug‘urta polisi berilyapti.
Sug‘urta muddati: Sog‘liq va ishga joylashish uchun patent berilishining rad etilishi tavakkalchiligi sug‘urtalari – 1 oy (O‘zbekiston chegarasidan chiqqan kundan boshlab), hayot sug‘urtasi, ya’ni fuqaro vafot etganda jasadini vatanga qaytarish – 12 oy.
Sug‘urta mukofoti: Birlamchi tibbiy xizmat va ixtisoslashtirilgan shoshilinch tez tibbiy yordam – har biri yo‘nalish uchun 1500 EUR; fuqaroning jasadini repatriatsiya qilish (vatanga qaytarish) – 6000 EUR; baxtsiz hodisa tufayli vafot etganda - 1000 EUR; patent hujjatlarini rasmiylashtirishda rad javobini olganda - 2 000 000 so‘m;
Xabarda Rossiyaga kirish uchun taqiqi bo‘lgan fuqarolarga sug‘urta mukofoti mavjud emasliga urg‘u berilgan. Misol: Fuqaro Rossiyaga borish uchun chipta sotib olib, Rossiyaning ma’lum bir shahriga borganda, aeroportda taqiqi chiqsa unga sug‘urta mukofoti berilmaydi. Faqatgina patent hujjatlarini rasmiylashtirishda rad javobini olgan taqdirda sug‘urta mukofoti ajratiladi.
Sug‘urta ximoyasini olish uchun quyidagi telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish lozim:
1. Tibbiy yordam olish uchun - +7 (800) 222-86-58; 2. Vafot etganda - +99 (871) 200-95-95; 3. Patent hujjatlarni rasmiylashtirishda rad javobini olganda – 8 (800) 550-67-22
Ushbu sug‘urta polisiga ega bo‘lish uchun fuqarolar faqatgina shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi huzurida tashkil etilgan “Ixtisoslashtirilgan kassa”larga murojaat qilib labormigartion.uz dasturiy ta’minotidan ro‘yxatdan o‘tishi lozim bo‘ladi.