TOShKENT, 13 yanv – Sputnik. Respublika shoshilinch tibbiy markazining Namangan filialida, O‘zbekistonda ilk bor bosh miyada jarrohlik operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda Xalq so‘zi nashri.
“Nafaqat muassasa, balki respublika jarrohligi tarixida ilk bor bosh miyada olib borilgan neyroendoskopik amaliyot muvaffaqiyatli yakunlandi”, - deyilgan xabarda.
Ushbu operatsiyani xorijiy mamlakatlarda malaka oshirib kelgan neyrojarroh Saydullo Sharifboyev tomonidan amalga oshirilgan. Murakkab operatsiya Germaniyaning “Karl Shtors” kompaniyasida ishlab chiqarilgan “Neyroendoskop” apparati yordamida amalga oshirilgan.
“Bemorni bezovta qilayotgan kasallik bo‘yicha burun va sfenoidal bo‘shliq orqali kirilib, gipofiz bezi o‘smasi bartaraf etildi. Butun amaliyot jarayoni monitorda aks etib turdi. Va bir yarim soat davom etgan murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi”, - deydi operatsiya haqida shifokor.
Endoskopik opearsiyaning afzalligi shundaki – operatsiya jarayonida bemorga tanasiga minimal ta’sir ko‘rsatiladi. Bosh miya sohasida amalga oshiriladigan operatsiyalar uchun bu yanada muhim ahamiyatga ega.
Ma’lumot uchun, shu kunga qadar o‘zbekistonlik bemorlar bosh miyada jarrohlik operatsiyasi o‘tkazish uchun Rossiya va boshqa chet mamlakatlarga borishga majbur bo‘lishayotgan edi. Shavkat Mirziyoyev 2017-yil boshida Sog‘liqni saqlash vazirligiga xorijda amalga oshirilayotgan murakkab operatsiyalarni O‘zbekistonda o‘tkazish choralarini topish vazifasini qo‘ygan edi.