TOShKENT, 11 yanv - Sputnik. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jahon axborot manbalarida AQShning harbiy bazalari joylashtirilgan, deya tarqatilayotgan xaritalarda O‘zbekistonning Chirchiq va Xonobod hududlari ko‘rsatilgani to‘g‘risidagi xabarlarga oydinlik kiritdi.
"Ma’lumki, so‘nggi kunlarda AQShning Eron bilan o‘zaro ziddiyatlari jahon hamjamiyati e’tibori markazida bo‘lib kelmoqda. Xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari mazkur voqelik xususida o‘z yondashuvlariga ko‘ra turlicha munosabatlar bildirmoqda. Bu kabi yondashuvlarini kuzatar ekanmiz, ikki davlat o‘rtasidagi mazkur ziddiyatga bildirilayotgan munosabatlar hamisha ham xolislik bilan yondashilmayotganiga guvoh bo‘lamiz", - deyiladi xabarda.
Xususan, ta’kidlanishicha, 2019-yilning iyun oylaridan boshlab xorijlik faol siyosatchilar tomonidan jahon axborot manbalarida AQShning Eronning yondosh mamlakat hududlarida joylashtirilishi rejalashtirilgan harbiy bazalar xaritasi e’lon qilina boshlandi.
AQShning harbiy bazalari joylashtirilgan, deya tarqatilayotgan xaritalarda O‘zbekistonning Chirchiq va Xonobod hududlari ham ko‘rsatilgan.
"O‘zbekiston hududida nafaqat AQShning, hattoki boshqa biror xorijiy davlatlarining harbiy bazalari joylashtirilmagan", - deya aniqlik kiritiladi xabarda.