TOShKENT, 11 yanv - Sputnik. Xitoyning Uxan shahrida koronavirusning yangi turiga chalingan birinchi bemor vafot etdi, yana 40 ga yaqin kishi kasal bo‘lib, bir necha yuz nafari nazorat ostida, deya xabar beradi shahar sog‘liqni saqlash qo‘mitasi. RIA Novosti xabari asosida.
Dekabr oyi oxirida mahalliy hokimiyat Xubey provinsiyasining Uxan shahrida kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan pnevmoniya kasalligi avj olgani haqida xabar berdi. Beshinchi yanvar holatiga ko‘ra, 59 ta zararlanish holati qayd etilgan. 9-yanvar, payshanba kuni xitoylik mutaxassislar yangi turdagi koronavirus ushbu kasallikning qo‘zg‘atuvchisi bo‘lganini aniqladilar.
"Dastlabki tashxis - koronavirusning yangi turi, deya aytilgan 41 ta holat aniqlandi, ulardan ikki kishi kasalxonadan chiqarilgan, yetti kishi og‘ir ahvolda, biri vafot etdi, qolgan bemorlarning holati barqaror", - deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, hozirgi vaqtda 739 kishi, ulardan 419 nafari bemorlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan shifokorlar, tibbiy nazorat ostida va hozirda ularda zararlanishi alomatlari aniqlanmagan.
Mutaxassislar kasallikning qo‘zg‘atuvchisi koronavirusning yangi turi ekanligini aniqlaganlaridan so‘ng, ular darhol davolanishni, shuningdek, kuzatish va tashxis qo‘yish usullarini o‘zgartirdilar. 10-yanvar holatiga kasallik qo‘zg‘atuvchisini nuklein kislotasi usuli bilan o‘rganish yakunlandi.
Xabarda ta’kidlanganidek, 3-yanvardan boshlab yangi yuqtirish holatlari qayd etilmagan. Bugungi kunga qadar mutaxassislar tibbiy xodimlarning infeksiyaga chalinganlari holatlarini aniqlamaganlar va kasallik odamdan odamga yuqayotganining aniq belgilari yo‘q.
Koronaviruslar 30 xil viruslardan iborat oiladir, ular ikkita suboilaga bo‘linadi. Ular birinchi marta 1965-yilda ajratib olingan. Ular odamlarga, uy hayvonlariga, qushlarga, cho‘chqalarga, qoramollarga ta’sir qiladi. Koronavirus nafas olish tizimiga, oshqozon-ichak trakti va asab tizimiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.