TOShKENT, 10 yanv - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tahlillariga ko‘ra, so‘nggi uch yilda O‘zbekistonda xorijiy ta’lim kvalifikatsiyalarini tan olish va nostrifikatsiya qilishga oid arizalar soni 5,3 martaga o‘sgan. Bu haqda bugun AOKAda o‘tkazilgan matbuot-anjumanida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev ma’lum qildi.
Xususan, Davlat inspeksiyasida 2017-yil - 2409 ta, 2018-yil - 4964 ta, 2019-yil 12 867 ta arizalar ro‘yxatga olingan.
2019 yil xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risida hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash bo‘yicha jami 12867ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 3337(26%i)tasi nostrifikatsiyalangan.
"Arizalarning 72,4 foizi qo‘shni mamlakatlar – Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmanistonning ta’lim muassasalari hujjatlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Aytishim kerak-ki, qo‘shni davlatlarda ko‘plab oliy ta’lim muassasalari ochilgan. U yerda albatta, o‘qish arzon, o‘qish to‘lovi 300-400 dollarni tashkil etadi va shu bois bizlarni yoshlarimiz chetga o‘qishga ketapti. Ammo ularning niyati birinchi kursdan keyin yana O‘zbekistonga o‘qishni ko‘chirish yoki tugatgandan keyin nostrifikatsiyadan o‘tish. Lekin shuni unutmaslik kerak-ki, nufuzli OTMlar bor va milliy reytingi past bo‘lgan OTMlar bor. Agar yoshlarimiz bilimi past bo‘lgan OTMlarda tahsil olsalar, qaytib kelganidan keyin nostrifikatsiyadan o‘tolmaydi. Chunki bilim darajasi yaxshi emas, talabga javob bermaydi", - deb tushuntirdi Tashkenbayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yoshlarni sifatsiz OTMlardan qaytarish uchun O‘zbekistonda OTMlar sonini ko‘paytirish, qamrovni oshirish darkor. Lekin qamrovni oshirish masalasida ham bir jihatni e’tiborga olish lozim.
"Ertaga shuncha yoshlarimiz oliy ma’lumotli bo‘lsa, ularga biz ish topib bera olamizmi-yo‘qmi? Ertaga shuncha oliy ma’lumotli kadrlar respublikaga kerakmi-yo‘qmi, degan masala turibdi. Bizda ertaga kim qo‘l bilan ishlaydi? OTMni tugatganlar bilasizlar, ular rahbarlik qilishlari kerak. Shu bois, bugungi kunda e’tibor beradigan asosiy masalamiz, bu sifat bo‘lishi kerak", - deya fikrini yakunladi Tashkenbayev.