TOShKENT, 10 yanv – Sputnik. O‘zbekistonda sayyohlar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish maqsadida 26 ta investitsiya loyihalariga qo‘l urilgan. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mita hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1,1 mlrd dollar miqdoridagi 26 investitsiya loyihalari bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyihalar mamlakatga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun qulayliklar va zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, bu bo‘yicha mamlakatda mehmonxonalar quriladi va rekonstruksiya qilinadi, sanatoriyalar, sog‘lomlashtirish komplekslari quriladi, sport-rekreatsiya zonalari yaratiladi.
Bundan tashqari turizm salohiyatini rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonga AQSh, Yaponiya, Germaniya, Italiya, Xitoy, Indoneziya, Rossiya kabi mamlakatlardan 30 OAVning 160 dan ortiq vakillari tashrifi uyushtirilgan.
Shuningdek, sayyohlarni jalb etishda turli ommaviy-madaniy ko‘ngilochar tadbirlarga ham e’tibor berilmoqda.
Hozirda madaniy ko‘ngilochar tadbirlarni muvofiqlashtirish maqsadida Qo‘mita tuzilmasida Kongress va ko‘rgazmalar markazi tashkil etilmoqda.