TOShKENT, 7 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Iqtisodiyot va sanoat vazirligi o‘tgan 2019-yilning dastlabki yakunlari haqida hisobot e’lon qildi.
2019 yil yakunlariga ko‘ra Yalpi Ichki mahsulot o‘sishi 5,5 %ni tashkil qilgan. Bu prognoz qilingan 5,4 %dan biroz bo‘lsada – ko‘proq. Shuningdek YaIM o‘sish sur’ati 2018-yil natijalaridan (5,1%0 ham yuqori bo‘ldi.
O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishi asosan – sanoat sohasi - 6,4%, qurilish - 11,8% va xizmatlar sohalari – 6,1 % o‘sishi hisobidan amalga oshirildi, deyilgan xabarda.
2019 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda yetishtirilgan YaIM miqdori aholi jon boshiga 1741 dollardan to‘g‘ri keldi. Bu 2018-yilga nisbatan 13,6 %ga ko‘p. 2018-yilda ushbu ko‘rsatgich 1533 dollarga teng bo‘lgan edi.
Hisobotda qayd etilishiga ko‘ra, 2017-yilda milliy valyuta qiymati dollarga nisbatan 2 baravar devalvatsiya qilinishiga qaramasdan, 2019-yilda O‘zbekiston YaIMi miqdori dollar hisobida devalvatsiyagacha bo‘lgan miqdorga deyarli teng bo‘ldi. Xususan 2017-yilda YaIM umumiy miqdori 59,1 mlrd dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2019-yilda – 58,3 milliard dollarni tashkil qilgan.
Shuningdek barqaror iqtisodiy o‘sish - sarmoyalar yuqori miqdori +28,6% hamda aholi daromadlari +10% o‘sishi hisobidan amalga oshirildi.
Shu bilan birga Iqtisodiyot vazirligi Respublikada mavjud muammolarni ham sanab o‘tdi. Ular orasida mehnat bozoriga demografik bosimning kuchliligi, hamda O‘zbekistonda aoholi jon boshiga to‘g‘ri kaladigan YaIM miqdori dunyo mamlkatlari orasida nisbatan past darajada qolayotgani aytib o‘tilgan.