TOShKENT, 7 yanv - Sputnik. Eron Oliy Xavfsizlik Kengashi kotibi Ali Shamxoniy Tehronda general Kassam Sulaymoniyning o‘ldirilishiga javoban AQShdan o‘ch olish uchun 13 ta ssenariy mavjudligini aytdi, RIA Novosti xabariga asosan.
Shamxoniyning so‘zlariga ko‘ra, tayyorlangan ssenariylarning "eng soddasi" ham "Amerika uchun dahshatga aylanadi".
Seshanba kuni Eron parlamenti Pentagon va AQSh armiyasini terrorchi tashkilotlar bilan tenglashtiruvchi qonun loyihasini bir ovozdan qabul qildi. Hujjatda, shuningdek, milliy rivojlanish jamg‘armasidan Eron armiyasining elita bo‘linmasi - Quds maxsus kuchlariga 200 million yevro ajratilishi ma’qullangan.
Quds rahbari general Kassam Sulaymoniy 3-yanvarga o‘tar kechasi Bog‘dod xalqaro aeroporti hududida AQShning maxsus amaliyoti natijasida yo‘q qilindi. Vashington uni o‘tgan yilning 31-dekabrida Iroq poytaxtidagi AQSh elchixonasiga hujum uyushtirishda ishtirok etgan deb hisoblagan.
Eronning Oliy Rahbari Ali Xamonoiy Sulaymoniyning o‘limi uchun AQShdan qasos olishga va’da berdi.
Eron prezidenti Hasan Ruhoniyning aytishicha, Vashington jiddiy jinoyat sodir etgan, buni Tehron unutmaydi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp shanba kuni Amerika Eronning 52 ta obyekti, shu jumladan madaniy meros obyektlarini nishonga olganini aytdi. Bu son 1979-yilda Eron tomonidan garovga olingan 52 amerikalik asir bilan bog‘liq.
Vashingtonning qarori bir qator siyosatchilar va ekspertlar orasida tashvish uyg‘otdi, ular xalqaro huquq madaniy meros obyektlariga hujum qilishni taqiqlashini ta’kidladi. Bunga javoban AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Vashington "qonun bo‘yicha harakat qilishini" aytdi.