TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. Bosh prokuratura tomonidan jinoiy uyushma tarkibida tovlamachilik, budjet mablag‘larini talon-toroj qilish va chet el davlatlarda jinoiy daromadlarini legallashtirish kabi jinoyatlarni sodir etgan G.Karimova va boshqalarga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari yakunlandi, deb xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, hozirda jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun ayblov xulosa bilan sudga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyi boshida Bosh prokuratura Gulnora Karimovaga nisbatan yangi jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari haqida bayonot bergandi.
Unda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligi AQSh, Shveysariya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va Latviya kabi xorijiy davlatlar bilan G.Karimovaning jinoiy yo‘llar orqali topgan va ushbu davlatlarning ayrimlarida jinoyat ishlari doirasida 1,3 mlrd. AQSh dollardan ortiq daromadlarini qaytarish bo‘yicha hamkorlik olib borilayotgani aytilgan.