TOShKENT, 4 yanv - Sputnik. O‘zbekistonda o‘quv yilining ikkinchi yarim yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari o‘zgarishi mumkin. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, prezident qaroriga muvofiq 2020-yil 1-fevraldan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam miqdori 7 foizga oshiriladi.
Oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish xarajatlarining asosiy qismini, ya’ni 91 foizini ish haqi va stipendiya to‘lovlari tashkil etishi inobatga olinib, 2019/2020 o‘quv yilidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati respublikadagi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga bog‘landi va unga nisbatan karra barobarida belgilandi.
“Amaldagi tartibga ko‘ra, kontrakt asosida o‘qitishning to‘lov miqdori (oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori bundan mustasno) mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga mutanosib ravishda joriy o‘quv yilining ikkinchi yarmi uchun o‘zgarishi mumkin”, - deyilgan xabarda.
Qayd etilishicha, 2019/2020 o‘quv yilining ikkinchi yarim yili uchun oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatlariga o‘zgartirish kiritilganda, qo‘shimcha ma’lumot beriladi.