TOShKENT, 4 yanv - Sputnik. Jizzax shahrida haydovchi YPX inspektoriga qo‘l ko‘tardi.
IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, 2019-yil 31-dekabr kuni viloyati I.Karimov ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX inspektori katta tezlikda harakatlanayotgan “Kaptiva” rusumli avtomobilni to‘xtatgan.
Haydovchining avtomobilni mast holda boshqarayotganligini gumon qilib, uni narkologiya dispanseriga olib borgan. O‘tkazilgan tibbiy tekshiruv natijasida haydovchining mastligi tasdiqlangandan so‘ng ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirayotgan vaqtida haydovchi YPX inspektoriga faol qarshilik ko‘rsatgan. Haydovchi inspektorni haqoratlab, yuziga mushti bilan urgan. Natijada YPX inspektoriga kasalxonada tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Avtomobil vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yilib, haydovchi B.B. IIBga topshirilgan. Mazkur holat bo‘yicha Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.