TOShKENT, 24 dek — Sputnik. Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali O‘zbekistonda 1-yanvardan boshlab qanday o‘zgarishlar ro‘y berishi haqidagi ma’lumotlarning davomini taqdim etdi.
1. 2020-yil 1-yanvardan tajriba tariqasida ayrim davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va hududlarda, 2021-yil 1-yanvardan boshlab esa respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarida davlat xizmatiga qabul ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshiriladi.
2. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun undiriladigan davlat boji stavkalari:
- respublika, viloyatlararo NNTlar uchun - BHMning 4 baravaridan 3 baravarigacha;
- viloyat NNTlari uchun – BHMning 2 baravaridan 1 baravarigacha pasaytiriladi.
3. “Barkamol avlod” bolalar maktablari direktor va direktor o‘rinbosarlari uchun bazaviy tarif stavkalari 1,55 baravarga, to‘garak rahbari uchun 1,5 baravarga oshiriladi:
4. Yalpi tushumning umumiy hajmida tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarining eksporti 60 foizdan kam bo‘lmagan eksport ulushiga ega bo‘lgan korxonalar 2023-yil 1-yanvargacha mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.
Chorva mollarini so‘yish bo‘yicha zamonaviy avtomatlashtirilgan majmualarni ishga tushirayotgan tashkilotlar va terini qayta ishlovchi korxonalar 2023-yil 1-yanvargacha yer solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.
5. Xitoy, shu jumladan, Xitoyning Gonkong maxsus ma’muriy hududi fuqarolari uchun 7 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga O‘zbekistonga vizasiz kirish tartibi belgilanadi.
6. Fuqarolik-huquqiy munosabatlarda sudgacha bo‘lgan jarayonda dalillarni ta’minlash, mulkiy va meros masalalarida mediator vazifalarini bajarish, mualliflik va turdosh huquq obyektining taqdim etilgan vaqtini tasdiqlash yangi notarial harakatlar joriy etiladi.
Quyidagi qulayliklar yaratiladi:
- ko‘chmas mulklar bo‘yicha bitimlarni notarial tasdiqlashda MIBning vakolatlariga kiradigan kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorliklar haqida ma’lumotlar faqat Buroning axborot tizimi orqali onlayn rejimda tekshiriladi;
- agar taraflar turli hududlarda bo‘lsa, o‘sha hududdagi notarial idorada turib videokonferensaloqa orqali bitimlarni notarial tasdiqlashi mumkin;
- ochiq axborot tizimidagi ayrim hujjatlarning elektron shakli mulkni begonalashtirish bilan bog‘liq bo‘lmagan harakatlarni amalga oshirishda hujjatning qog‘oz shakli bilan teng huquqiy kuchga ega bo‘ladi;
- respublika hududida notarial tasdiqlangan arizalar, ijara shartnomalari va ishonchnomalar notariusga taqdim etilmasdan turib, ularni noyob raqam orqali tekshirish mumkin bo‘ladi;
- notariusga murojaat etishda elektron navbat olish va hujjatlarni oldindan tayyorlab qo‘yish xizmati joriy etiladi;
- notarial arxivda mavjud bo‘lgan hujjatlar nusxasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoni yaratiladi.
7. Dorilar va tibbiy buyumlarning savdo jarayonini uzluksiz ravishda videoga yozib olish va bir oy davomida video-yozuvlarni saqlash mazkur faoliyat uchun litsenziya talabi hisoblanadi va talabning muntazam bir yil davomida bir martadan ko‘p buzilishi litsenziyaning amal qilishini tugatish uchun asos bo‘ladi.
8. Jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shuningdek, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni sotib olish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq:
- quyosh fotoelektrik stansiyalari uchun – 3 million so‘mdan;
- quyosh suv isitkichlar uchun – 1,5 million so‘mdan;
- gaz-gorelkali qurilmalar uchun – 200 ming so‘mdan oshmaydigan miqdorda kompensatsiyalar taqdim etiladi.
9. Turizm faoliyati subyektlari va aviatashuvchilarning xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga charter reyslarini tashkil qilish bo‘yicha xarajatlarining bir qismi har bir xorijiy turist uchun, u respublika hududida kamida besh kecha tunab qolgan taqdirda, 20 AQSh dollari, qish mavsumida (20 noyabrdan 20-fevralgacha) esa 50 AQSh dollari miqdorida qoplab beriladi.
YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan madaniy meros obyektlari va davlat muhofazasiga olingan yodgorliklar hududida faqat mamlakatda ishlab chiqarilgan suvenir mahsulotlari sotiladi.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining quyidagi vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashlariga beriladi:
- qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yish va bir fermer xo‘jaligidan boshqasiga o‘tkazish;
- jismoniy va yuridik shaxslar egaligida bo‘lgan, ular foydalanadigan va mulki bo‘lgan yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish.
11. Yuridik shaxslar – sug‘urta brokerlari va sug‘urta agentlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi komissiya mukofotining 13 foizi miqdorida belgilanadi.