TOShKENT, 22 dek — Sputnik. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Rossiyani Ikkinchi jahon urushi davridagi oldingi tarixni buzishda ayblagan Polsha TIV bayonotiga munosabat bildirdi. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.
Avvalroq Polsha TIV Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ikkinchi jahon urushi boshlanishi va aybdorlari to‘g‘risidagi so‘zlari borasida Varshava “tashvish va taajjub” izhor etganini ma’lum qilgandi.
“Aynan Varshava vakillari ko‘p yillar ham ekspertlar ishiga, ham ikki tomonlama munosabatlarga putur yetkazib kelishgan. Agressiv ritorika, fashizmga qarshi kurashchilarning yodgorliklarni buzish, YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalar qabul qilishidagi haybarakallachi roli – buning to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalillari”, - dedi Zaxarova.
Har yili o‘tkaziladigan an’anaviy matbuot-anjumani oldidan Rossiya prezidenti Ikkinchi jahon urushi haqida tarixiy haqiqatning buzib ko‘rsatilishi mavzusini ko‘targan edi. Putin so‘zlariga ko‘ra, sovet qo‘shinlari Polshaga "Polsha hukumati o‘z qurolli kuchlari hamda mamlakatda ro‘y berayotgan voqealar ustidan nazoratni yo‘qotganidan so‘nggina kirib borganligini qayd etgandi".