TOShKENT, 22 dek – Sputnik. O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasida bo‘lib o‘tgan brifingda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov saylov kuni xavfsizlik choralari haqida gapirdi.
Saylov uchastkalari ochilganidan beri jiddiy huquqbuzarlik bo‘yicha shikoyat tushmagan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida aniqlangan qonunbuzarlik to‘g‘risida unga axborot berilgan.
Quva shahrida yashovchi kishi o‘z qarindoshining portretini noqonuniy ravishda o‘z mashinasiga ilib qo‘yib, unga ovoz berilishi uchun tashviqot olib borgan. Qonunga muvofiq, saylovga bir kun qolganda va saylov kuni saylov tashviqot taqiqlanadi.
Fuqaroga nisbatan ko‘rilgan choralar qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi, deya ta’kidladi Bobojonov.
"Joriy yilning 20-dekabrigacha ro‘yhatdan o‘tgan siyosiy partiyalardan nomzodlar tomonidan o‘tkazilgan 750 ta uchrashuvlarda 250 mingdan ziyod fuqarolarimiz ishtirok etgan va ularning xavfsizligi samarali ta’minlangan", - deb ta’kidladi Ichki ishlar vaziri.
Eslatib o‘tamiz, Olmazor saylov okrugidan Toshkent shahar deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan A.M.Ahmedovning saylovoldi tashviqotlari yuzasidan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgandi.
38-Olmazor saylov okrugidan Toshkent shahar kengashi deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan A.M.Axmedov joriy yilning 15-16 dekabr kunlari Chilonzor tumani “Katta Chilonzor-1” hamda “Katta Chilonzor-2” MFYlari hududida o‘tkazilgan yarmarkalarda ishtirok etgan.
Shuningdek, saylovchilar bilan uchrashib, ularga “O'zlidep” logotipi joylashtirilgan peshtaxtalar orqali rahbarligidagi tashkilot tomonidan ishlab chiqarilgan un va yog‘ mahsulotini imtiyozli narxda sotgan. Saylovchilarga shu tariqa saylovoldi tashviqotini olib borgan.
Ayni damda A.M.Axmedovga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar ma’muriy ishlar bo‘yicha Chilonzor tuman sudiga yuborilgan.