TOShKENT, 21 dek — Sputnik. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekistonda xorijiy yangiliklar saytlari hamda inson huquqlari bo‘yicha veb-resurslarga bo‘lgan cheklovlar allaqachon bartaraf etilganini ma’lum qildi.
Agentlik xabariga ko‘ra, “The Diplomat” xalqaro internet jurnali muharriri Keti Puts (Katie Putz) Twitter᾽dagi sahifasida inson huquqlari bo‘yicha xorijiy veb-resurslariga kira olmayotgani haqida yozib qoldirgan. “Human Rights Watch” tashkiloti sobiq vakili, inson huquqlari bo‘yicha advokat va Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Stiv Sverdlov esa unga javoban inson huquqlari bo‘yicha tanqidiy veb resurslarga (@ahrca, @IPHR, @UGFHumanRights, @nhc_no) O‘zbekistonda kirish imkoniyati cheklanganini bildirgan.
Rasmiy xabarda bildirilishicha, ushbu holat yuzasidan Agentlik mutaxassislari o‘rganish olib borgan va yuqorida tilga olingan veb-resurslarga kirishga cheklovlar mavjud emasligi aniqlangan.
“O‘zbekistonda xorijiy yangiliklar saytlari hamda inson huquqlari bo‘yicha veb-resurslarga bo‘lgan cheklovlar allaqachon bartaraf etilgan. O‘zbekistonning axborot siyosati cheklov va taqiqlarga emas, balki ochiqlikni ta’minlashga qaratilganini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz”, - deyiladi xabarda.