TOSHKENT, 20 dek – Sputnik. Rossiya Federatsiyasi Milliy gvardiya qoʻshinlari federal xizmati delegatsiyasi Toshkent shahar IIBB faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda IIBB axborot xizmati maʼlum qilmoqda.
Qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasi Milliy gvardiya qoʻshinlari federal xizmati direktori oʻrinbosari – Rossiya Federatsiyasi milliy gvardiya qoʻshinlari bosh qoʻmondoni general-polkovnik Oleg Borukayev boshchiligidagi Rosgvardiya delegatsiyasi Toshkent shahar IIBB ichki ishlar boʻlimlaridan biriga tashrif buyurgan.
Mehmonlarga “Xavfsiz poytaxt” Kontseptsiyasi doirasida ichki ishlar organlarining Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi bilan hamkorligi, bu asosida sutkalik patrullash joriy qilinganligi, bu orqali shahardagi jinoyatchilik darajasining pasayishiga erishilgani haqida soʻzlab berilgan.
“Xizmat uchun patrullarga ajratilgan zamonaviy texnika va avtotransport vositalari Rosgvardiya delegatsiyasida qiziqish uygʻotdi”- deyiladi xabarda.
Shuningdek mehmonlar Toshkent shahar IIBB tizimidagi islohotlar, favqulodda xizmat, “tez yordam”, yongʻin xavfsizligi xizmati hamda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tuman ichki ishlar boʻlimi bazasidagi dislokatsiya modeli bilan tanishtirilgan.
Rosgvardiya vakillari tomonidan tuman ichki ishlar boʻlimida tashkil etilgan sharoitlar hamda ilgʻor axborot-kommunikatsion texnologiyalaridan foydalanish tizimi yuqori baholangan.