TOShKENT, 25 noya - Sputnik. Toshkent shahar IIBB ijtimoy tarmoqlarda tarqalgan videoga munosabat bildirdi. Unda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari qatnov yo‘ldan bir qizni olib ketayotganlari aks etgan.
Ma’lum qilinishicha, mazkur hodisa Mirobod tumanida 22-noyabr kuni taxminan soat 01:45da sodir bo‘lgan. Xizmat vazifasini olib borayotgan Toshkent IIBB PPX xodimi Shahrisabz ko‘chasida 25 yoshli mast F.S.ni ko‘rib qolgan.
Aniqlik kiritilishicha, qiz ilgari 18-marta Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 190-moddasi (Fohishalik bilan shug‘ullanish) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Xodimning yaqinlashib kelayotganini ko‘rgan F.S. yo‘lning qatnov qismiga yotib olgan va transport vositalari harakatiga xalaqit bergan. Qiz o‘rnidan turish va qatnov yo‘ldan ketishdan qat’iy ravishda bo‘yin tovlaganligi bois PPX va Milliy gvardiya xodimlari qizni yo‘lning o‘rtasidan olib ketishga majbur bo‘lishgan.