TOSHKENT, 18 dek — Sputnik. AQShning “Shimoliy oqim-2”ga nisbatan sanktsiyalari uni qurishdan toʻxtatib qola olmaydi. Bu haqda Bloomberg Oq uydagi manbalariga tayangan holda xabar qilmoqda.
Nashrning yozishicha, loyihani amalga oshirish deyarli yakunlangan va AQSH mudofaa byudjetiga kiritilgan gaz quvurlariga qarshi sanktsiyalar unga jiddiy zarar yetkaza olmaydi.
Manba AQSH endilikda Rossiyaning boshqa energetika loyihalariga qarshilik koʻrsatishga kuch sarflashini taʼkidlagan.
Avvalroq senat mudofaa byudjetiga 738 milliard dollar ajratishni yoqlab ovoz berdi. Mudofaa byudjetiga Rossiyaning “Shimoliy oqim-2”ga qarshi sanktsiyalar va Ukrainaga harbiy yordam ham kiritilgan.
"Shimoliy oqim-2" loyihasi Rossiya qirgʻogʻidan Boltiq dengizi boʻylab Germaniyagacha tortilgan, umumiy quvvati 55 milliard kubometr gazni yetkazib beradigan ikkita quvurni qurishni nazarda tutadi. Uni 2019 yilda qurib bitkazish rejalashtirilgan. Quvur Rossiya, Finlyandiya, Shvetsiya, Daniya va Germaniya hududiy suvlari yoki maxsus iqtisodiy hududlari orqali oʻtadi.
Rossiya gaz tranzitidan keladigan daromadlarni yoʻqotishdan qoʻrqqan Ukraina va bir qator Yevropa davlatlari, shu jumladan Polsha, Latviya va Litva, shuningdek oʻz suyultirilgan tabiiy gazini Yevropa Ittifoqida oʻtkazishga urinayotgan AQSH "Shimoliy oqim-2" loyihasiga qarshi chiqishmoqda.
Gaz quvurini birinchi navbatda Germaniya va Avstriya qoʻllab-quvvatlamoqda. Ular loyiha Yevropa energetika xavfsizligini mustahkamlaydi deb hisoblashmoqda. Berlin va Venada Rossiyani ishonchli yetkazib beruvchi sifatida koʻrishlarini taʼkidlashgan.