TOShKENT, 12-dekabr – Sputnik. Germaniya hukumati Nord Stream-2 gaz quvuri atrofidagi vaziyat tufayli AQShga "taslim bo‘ldi". Shunday fikr RIA Novostiga bergan intervyusida Bundestagdagi "Germaniya uchun alternativa" (AdG) partiyasining energiya masalalari bo‘yicha rasmiy vakili Shteffen Kotre tomonidan bildirildi.
"Shimoliy oqim - 2", deya eslatib o‘tdi deputat, Germaniyaning energetik havfsizligini ta’minlash uchun g‘oyat muhimdir va bu loyihaga "zarba berishga urinish" Angela Merkel hukumatini zudlik bilan uning himoyasiga chiqishga majbur qilishi kerak edi.
"2018 yilda Merkel xonim "Shimoliy oqim - 2" - bu Yevropa Ittifoqi qonunlari ta’sir etmaydigan, faqatgina Germaniya va Rossiya o‘rtasidagi sof ikkiyoqlama iqtisodiy loyiha ekanligi haqida aniq tushuncha bergan edi. Endi esa AQSh "Shimoliy oqim - 2"ni o‘zlari tomonidan allaqachon beqarorlashtirilgan Ukraina bilan bog‘lashga muvaffaq bo‘ldi. AQSh bosimi ostida federal hukumat bu iqtisodiy hujumga bo‘ysundi va kapitulyatsiya qildi", - dedi deputat.
Kotre so‘zlariga ko‘ra, Merkel boshchiligidagi hukumat "endi Germaniya manfaatlarini nafaqat himoya qilishga, balki ifodalashga ham qodir emas". U shuningdek, Ukraina barqarorligi "boshqa iqtisodiy loyihalar bilan hech qanday bog‘liqlikka ega emas", deya qo‘shimcha qildi.
"Shimoliy oqim-2"
"Shimoliy oqim-2" loyihasi Rossiya qirg‘og‘idan Boltiq dengizi bo‘ylab Germaniyagacha tortilgan, umumiy quvvati 55 milliard kubometr gazni yetkazib beradigan ikkita quvurni qurishni nazarda tutadi. Uni 2019-yilda qurib bitkazish rejalashtirilgan. Quvur Rossiya, Finlyandiya, Shvetsiya, Daniya va Germaniya hududiy suvlari yoki maxsus iqtisodiy hududlari orqali o‘tadi.
Rossiya gaz tranzitidan keladigan daromadlarni yo‘qotishdan qo‘rqqan Ukraina va bir qator Yevropa davlatlari, shu jumladan Polsha, Latviya va Litva, shuningdek o‘z suyultirilgan tabiiy gazini Yevropa Ittifoqida o‘tkazishga urinayotgan AQSh "Shimoliy oqim-2" loyihasiga qarshi chiqishmoqda. Ular loyihani siyosiy va Yevropa energiya xavfsizligiga tahdid deb atashmoqda. Rossiya tomoni ko‘plab marotaba ushbu loyiha mutlaqo tijoriy va raqobatbardosh ekanligi, va u Rossiya gazining Ukraina orqali Yevropa Ittifoqiga tranziti to‘xtatilishini nazarda tutmasligini ta’kidlagan.