TOShKENT, 14 dek - Sputnik. Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida joylashgan "ENTER ENGINEERING PTE. Ltd" qurilish kompaniyasining 65 nafar ishchisi yoppasiga ovqatdan zaharlandi.
13 dekabr kuni soat 8:30 dan 16:30 gacha viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 9 nafar va Nishon tez tibbiy yordam ilmiy markaziga 2 nafar ishchilar ko‘ngil aynishi, qayd qilish, ichni tez-tez ketishi, tana haroratini ko‘tarilishi, sovuq qotish kabi kasallik belgilari bilan murojaat qilgan. O‘tkazilgan tibbiy ko‘rikdan so‘ng, ularga guruhli ovqatdan zaharlanish "O‘tkir gastroenterit" tashxisi qo‘yilgan va ular shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat bo‘yicha Respublika Cog‘liqni saqlash vazirligi va viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshchiligida shtab tashkil etilgan, ovqatdan zaharlanish kelib chiqishiga gumon qilingan taomdan iste’mol qilgan ishchilar tuzilgan komissiya tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
2019 yil 14-dekabr soat 7:00 holatida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik davomida yana 54 nafar ishchilar faol aniqlanib shifoxonalarga olib kelingan.
"Hozirda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 49 nafar, Respublika tez tibbiy yordam ilmiy markaziy Qashqadaryo filiali Toksikologiya bo‘limida 10 nafar, G‘uzor tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasida 4 nafar, Nishon tuman tez tibbiy yordam bo‘limida 2 nafar jami 65 nafar bemorlar davolanmoqda. Bemorlarning 46 nafari ahvoli yengil, 19 nafari o‘rtacha, og‘ir bemorlar yo‘q. Dori darmonlar zaxiralari yetarli", - deyilgan xabarda.
Bemorlardan olingan namunalar va zaharlanish kelib chiqishiga gumon qilingan taomdan olingan namunalarda laboratoriya tekshiruvlari davom etmoqda.
Ta’kidlanishicha, mazkur vaziyat sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan to‘liq nazoratga olingan.