TOShKENT, 12 dek – Sputnik. Peshku tumanida fuqarolarning pul mablag‘lari va mol-mulkini jalb etish bilan shug‘ullangan fuqaro ishi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi axborot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Peshku tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, 1996-yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.Z.ning joriy yilning yanvar oyidan noyabr oyiga qadar 21 nafar fuqarolarning 633 400 AQSh dollari va 22,5 mln. so‘m pullarini qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Fuqaro mulkiy manfaat berish majburiyatini o‘z zimmasiga olish yo‘li bilan sodda insonlarning ishonchiga kirgan. Ularning oldida olgan majburiyatlarini yangi jalb etilgan pul mablag‘lari hisobidan qisman bajarib, 577 400 dollari va 22,5 mln. so‘mini qabul qilib olganligi aniqlangan.
Shuningdek, Sh.Z. jinoiy faoliyati davomida qo‘lga kiritgan mablag‘larining asl xususiyati va manbaini yashirishga uringan holda 153,0 mln. so‘mga “Lada Vesta” rusumli avtomashinasini sotib olib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadini legallashtirgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Sh.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.