TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Rossiya va O‘zbekiston vakolatli organlari o‘ziga xos "yashil yo‘laklar" deb nom olgan tashqi savdo-sotiqni oshirish dasturini amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Muhokama ishtirokchilari hozirgi vaziyat va mavjud qiyinchiliklar bilan o‘rtoqlashdi.
O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi (DBQ) vakillari, meva va sabzavotlarni Rossiyaga eksport qiluvchi tadbirkorlar hamda Rossiya Federal bojxona xizmati (FBX) vakillari qatnashdi.
Keng ko‘lamli vazifalar uchun yashil chiroq
O‘zbekistonning Rossiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov o‘z nutqida “Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi” loyihasi juda muhimligini e’tirof etdi.
“Mamlakatlarimiz rahbarlari bu yilda o‘zaro tashqi savdo aylanuvini 10 milliard dollarga yetkazish to‘g‘risida vazifa qo‘yilgan, shuning uchun bunday loyihalar juda muhimdir. O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasini strategik hamkor deb biladi, mamlakatlar o‘rtasida ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan”, - deb ta’kidladi Asadov.
Dipmissiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilda mamlakatlar o‘rtasida tashqi savdo aylanuvi 30 foizga oshdi, eksport va import ijobiy dinamikasi davom etmoqda. O‘zbekiston statistikasiga ko‘ra, 2018-yilda mamlakatlar o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining savdo aylanmasi 20 foizgacha oshdi. Asadov bu ko‘rsatkichlarga erishishda birinchi navbatda Rossiya va O‘zbekiston bojxona organlari tomonidan soddalashtirilgan bojxona tartibini tashkil etish bo‘yicha birgalikdagi faoliyati muhim ahamiyatga ega, deb ta’kidladi.
O‘z navbatida O‘zbekiston DBQ vakili, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Rustam Qobulov hozirgi vaqtda mamlakatda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi.
2016 yilda DBQ va FBX soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi to‘g‘risidagi bitimni imzolangandi. DBQ vakili ushbu yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirish, to‘siqlar va cheklovlar bartaraf etilsa, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini sezilarli darajada ko‘payishiga imkon beradi, deb ta’kidlab o‘tdi.
Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi qanday ishlaydi
Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi - "yashil" yo‘lak – bu eksport deklaratsiyalaridan yetkazib berish to‘g‘risidagi ma’lumot almashinuvi asosida ayrim guruh tovarlarini chegaradan soddalashtirilgan tartibda o‘tishidir.
Bugungi kunda Rossiya tomonidan 14 ta bunday bitim imzolangan, ulardan 5 ta davlat - O‘zbekiston, Italiya, Xitoy, Niderlandiya va Turkiya bilan amaliyotda joriy etilgan.
Bu mexanizm bojxona xizmatida o‘zaro savdo va transport vositalari haqida mavjud bo‘lgan dastlabki ma’lumotlar va xavfni boshqarish tizimidan foydalangan holda bojxona ma’muriyatchiligi sifatini yo‘qotmasdan bojxona operatsiyalarining vaqtini qisqartirishga mo‘ljallangan.
Soddalashtirilgan yo‘lak barcha asosiy bosqichlarda tatbiq etiladi – o‘tish punktlariga tovarlar yetib kelishidan boshlab, ularni erkin muomalaga chiqarishgacha.
Bojxona operatsiyalari vaqtini qisqartirish mahsulotlarni qat’iy belgilangan muddatda yetkazib beradigan kompaniyalar uchun juda muhimdir, har qanday kechikish esa qo‘shimcha xarajatlar va burokratik qiyinchiliklarga olib keladi.
Loyiha doirasida tovarlar, shu jumladan, uning qiymati haqidagi ma’lumotlar uzatiladi, shuning uchun bunday bojxona tamoyili tashqi savdo shartnomasi ishtirokchilari o‘rtasida faqat ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.
Bu savdo rejimi to‘g‘risida kelishib olgan bojxona xizmatlari tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining reyestrini shakllantiradi - ya’ni mamlakatga ma’lum mahsulotlar turlarini yetkazib beradigan kompaniyalar. Tovar, uning qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlardan tashqari, yuk yetkazib beradigan transport vositalari haqida ma’lumot ham ko‘rsatiladi.
“Soddalashtirilgan yo‘lak” bo‘yicha tovarlarni yetkazib berish uchun bu kompaniyalar reyestrga kirishi kerak.
Kompaniyalar qarzdorlik yoki bojxona qonunchiligi buzilishi holatlari mavjudligi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkaziladi. Agar bundan holatlar aniqlanmasa, eksport qiluvchi kompaniya bu loyihaga kiritiladi.
Eksport qilish uchun kompaniya o‘z mamlakatining bojxona xizmatiga eksport haqida ma’lumot taqdim etadi. Tekshiruvdan o‘tkazilgandan so‘ng, yagona identifikatsion raqam (deklaratsiya) beriladi, barcha protseduralarni tezkorlik bilan o‘tish uchun uni chegarada ko‘rsatish mumkin, chunki tovar haqida ma’lumot qabul qiluvchi tomonga avval berilgan bo‘ladi, qo‘shimcha tekshiruv yoki ko‘rik o‘tkazish talab etilmaydi. Agar hujjat solishtirilishi muvafaqqiyatli o‘tsa va yukni almashtirish holatlari aniqlanmasa, tovarlar soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtiriladi.
O‘zbekiston va Rossiya soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi qo‘shimcha imtiyozlarni ko‘zda tutadi. Masalan, bojxona nazorati shakllarini kamaytirish yoki umuman qo‘llamaslik, bu birinchi navbatda, bojxona ko‘rigi. Shuningdek, bir-birini takrorlaydigan protseduralar chiqarib tashlanadi. Hozirda chegara punktlari tovar o‘tkazuvchanligini oshirish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Bu maqsadlarda alohida yo‘laklarni tashkil etish va bojxona rasmiylashtiruvi joylarida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Rossiyada bojxona operatsiyalarni soddalashtirilgan tartibi O‘zbekiston rezidentlari - Rossiyaga quyidagi mahsulotlarni eksport qiluvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun taklif etiladi (TIF TN nomenklaturasiga asosan): 07 (sabzavot), 08 (meva), 1202 (yerong‘oq), 20 (meva va sabzavotlar qayta ishlash mahsulotlari) va 21 (turli oziq-ovqat mahsulotlar – qahva, choy va boshqalar).
Soddalashtirilgan yo‘lak orqali tovarlarni Rossiyaga qanday eksport qilish mumkin
Loyihaga kirish uchun Rossiya FBXga rasmiy murojaat qilish kerak (yozma yoki elektron pochta orqali). Buyurtma kelgandan so‘ng, kompaniya xavflilik darajasini aniqlash bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Tekshirish natijalariga ko‘ra, Rossiya FBX murojaat etuvchi-kompaniya, shuningdek, eksport qiluvchi Rossiya Federatsiyasida hamkorlik qilish niyatida bo‘lgan kontragentlar to‘g‘risida yangilangan ma’lumotlarni (tashkilot nomi, STIR, yuridik va haqiqiy manzili, murojaat qiluvchi shaxslar to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlarni O‘zbekistondagi hamkasblariga taqdim etadi. Bu O‘zbekiston DBQga soddalashtirilgan bojxona yo‘lagining yangi ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazishda bu kompaniyalarni identifikatsiya qilishga imkon beradi.
Nega loyihaga qiziqish yuqori emas?
Bunday soddalashtirilgan protsedura foydali tomonlariga qaramasdan, o‘zbek bojxona xizmati vakillarining ma’lumotlariga ko‘ra, respublikada soddalashtirilgan bojxona yo‘lagiga qiziqish yuqori emas.
“Biz 2018-2019 yilda vaziyatni tahlil qildik – tashqi iqtidiy faoliyat qatnashchilar tomonidan qiziqish juda past – atigi 20 ta kompaniya, Rossiya hududida esa bitta “Uzagroeksport”. Tadbirkorlar bunday imkoniyat haqida yetarli ma’lumotga ega emas deb o‘ylaymiz. O‘ylaymanki, bevosita o‘tish joylarida FBX va DBQ vakillari ishtirokida seminar o‘tkazish foydali bo‘ladi”, - deb ta’kidladi DBQ boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Rustam Qobulov.
Asosiy muammolar
Seminar ishtirokchilari mavjud muammolar va qiyinchiliklarni muhokama qilishdi. Xususan, O‘zbekiston tomoni vakillari Rossiyada soddalashttirilgan bojxona nazorati tartibidan o‘tish mumkin bo‘lgan nazorat o‘tish punktlari soni kamligini aytishdi.
Rossiya FBX vakili ta’kidlashicha, bugungi kunda O‘zbekistondan tovarlarni qabul qilish 18 ta punkt faoliyat ko‘rsatadi, biroq ularning barchasida tezkorlik bilan fitosanitariya nazoratini o‘tkazish imkoniyati yo‘q. Bu holatlarni hal qilish va eng samarali yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida ikki davlat idoralari vakillari Rossiya Rosselxoznadzor mutaxassislari ishtirokida alohida uchrashuvlarda muhokama qilish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston mahsulotlarni yetkazib beruvchilarini ko‘rik protsedurasining narxi ham tashvishga solmoqda. Xususan, “Sanaziya glint” kompaniyaning vakili “nega ko‘rik narxlari bunday yuqori - furasiga 1,5 ming dollar” deb savol berdi.
Rossiya FBX vakili o‘z javobida, ehtimol, so‘z vaqtincha saqlash ombori yoki bojxona nazorati zonasida tijorat asosida taqdim etiladigan xizmatlar haqida ketmoqda. Bunday xizmatlarning narxi xo‘jalik subyektlar tomonidan belgilanadi va Rossiya FBX faoliyatiga hech qanday aloqasi yo‘q.
Shuningdek, “Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi” dasturi ishtirokchilarining yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilayotgani haqidagi savol berildi.
Rossiya bojxona xizmati vakili soddalashtirilgan bojxona yo‘lagida ishtirok etish bojxona nazoratini bekor qilmaydi, uning shakli va choralari xavfni boshqarish tizimidan foydalangan holda qo‘llaniladi, deb ta’kidladi.
“Bojxona ko‘rigini o‘tkazish to‘g‘risida qaror xavfni boshqarish tizimi natijalariga asosan qabul qilinadi. Bojxona organlari axborot tizimlarida tashqi iqtisodiy shartnoma ishtirokchilari, tovar va boshqa mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni hisobga olgan holda, har bir tovar partiyasiga nisbatan bojxona nazorati qo‘shimcha shakllari va choralarini qo‘llash zarurligini tahlil qiladi. Bunday ko‘riklarning umumiy oqimdagi ulushi 3-4 foiz atrofida. Agar yetti mashinadan to‘rttasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan bo‘lsa, bunday qaror qanday asosda qabul qilinganligini alohida aniqlash kerak”, - deb ta’kidladi Rossiya FBX xavfni boshqarish boshqarmasi bojxona qiymatini nazorati qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Anton Dishko.
Tadbir yakunlariga ko‘ra ikki davlat vakillari mavjud muammolarni hal qilish, bu yo‘nalishda eng qulay yechimlarni ishlab chiqish uchun muntazam ravishda uchrashuv va seminarlar o‘tkazish zarurligini ta’kidladilar.