TOShKENT, 12 noya — Sputnik. Buxoroda YPX inspektorini namoyishkorona tahqirlagan haydovchi 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Viloyat IIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 7-avgust kuni Buxoro shahrining “Markaziy bozor” chorrahasida YPX inspektori va qoidabuzar haydovchi o‘rtasida janjal sodir bo‘lgan.
Janjalga inspektorning o‘sha kuni gavjum chorrahada yo‘l belgisiga amal qilmasdan harakatlangan “Neksiya” rusumli 80 R 703 NA davlat raqamli avtomashinani to‘xtatib, ushbu qoidabuzarlik uchun bayonnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘lgani sabab bo‘lgan.
YPX xodimi haydovchi Mironshoh Yodgorovdan avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni talab qilib olgan. Shunda fuqaro xodimning qonuniy talabini bajarmasdan, o‘ziga tegishli bo‘lgan hujjatlarni tortib olib, avtomashinasini haydab ketib qolgan. So‘ngra oradan 5 daqiqa o‘tgach, haydovchi YPX inspektori oldiga qaytib kelgan. Kuch ishlatib, uni yo‘lning narigi tomoniga olib o‘tgan.
Janjal ko‘tarib, xodimning ko‘krak nishoni, radioaloqa vositasi hamda jezel tayog‘ini tortib olgan. Hatto egnidagi xizmat ko‘ylagini yirtib, faoliyatini bajarishdan voz kechishga majbur qilgan.
Unga O‘zbekiston JKning 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va sud hukmi bilan 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.