TOShKENT, 25 noya - Sputnik. Buxorodagi mudhish yo‘l-transporti hodisasi oqibatida ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, 24-noyabr kuni taxminan soat 11:30 larda 24 yoshli haydovchi O.A. “ISUZU” yuk avtomashinasi bilan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan piyoda 51 yoshli T.B. va uning turmush o‘rtog‘i 49 yoshli Yu.Yo.larni urib yuborgan.
Hodisa Do‘stlik ko‘chasidan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lining 218 km.dan Gazlishoh ko‘chasidagi aylanma yo‘lida sodir bo‘lgan.
YTH oqibatida T.B. hodisa joyida va Yu.Yo. esa RShTOIM Buxoro filialida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro O.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.