TOShKENT, 23 noya - Sputnik. Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida mudhish avariya oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti.
Avariya erta tong 03:00 larda "Toshkent-Termiz M-39 yo‘li"ning 977 kilometrida yuz bergan.
Yigirma ikki yoshli haydovchi boshqaruvidagi "Epica" avtomobili Termiz yo‘nalishida oldinda harakatlanib ketayotgan 43 yoshli haydovchi boshqaruvida bo‘lgan "Kamaz" yuk mashinasining orqa qismiga urilgan.
Oqibatda "Epica" haydovchisi va yana uch nafar yo‘lovchi hodisa joyida vafot etishgan.
Yana bir yo‘lovchi turli tan jarohatlari bilan RShTIYoM Jizzax filiali travmotologiya bo‘limiga yotqizilgan.
"Kamaz" haydovchisi jarohat olmagan.
Mazkur holat yuzasidan 2019-yil 23-noyabr kuni Jizzax viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan (odamlar o‘limiga olib kelgan, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.