TOShKENT, 14 noya - Sputnik. Boliviyaning sobiq prezidenti Evo Morales Donald Trampning o‘zini o‘zi e’lon qilgan hukumatni tan olish to‘g‘risidagi qarorini qoraladi va uning mamlakatidagi davlat to‘ntarilishining ildizi AQShda ekanini ma’lum qildi.
“Biz Trampning (AQSh prezidenti Donald Tramp – tahr.) amaldagi va o‘zini o‘zi e’lon qilgan hukumatni tan olish qarorini qoralaymiz. Mening boliviyalik birodarlarimning o‘limiga sabab bo‘lgan davlat to‘ntarilishi AQShdan chiqqan sisosiy va iqtisodiy fitna”, - deya yozgan siyosatchi Twitter᾽da.
Avvalroq AQSh davlat kotibining yordamchisi Maykl Kozak mamlakat muxolifatchi senator Janin Anyesni Boliviya prezidenti vazifasini ijro etuvchi deb tan olishini ma’lum qilgan edi.
Evo Moralesning so‘zlariga ko‘ra, Vashington avval Venesuela xalqiga Xuan Guaido hukumatini zo‘rlab o‘tkazdi, endi esa Janin Anyesni Boliviya prezidenti deb tan olmoqda.
Boliviya Konstitutsiyaviy sudi vaqtinchalik prezident vakolatlari Anyesga o‘tishini qonuniy deb topdi. Shundan so‘ng qator davlatlar, jumladan, Braziliya, Kolumbiya, AQSh va Buyuk Britaniya Janin Anyesni Boliviya prezidenti deb tan oldi. Evo Morales Meksika, Venesuela, Kuba va Argentinaning saylangan prezidenti Alberto Fernandes tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Boliviyadagi davlat to‘ntarilishi
20 oktabrda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida Morales birinchi bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi, lekin uning asosiy raqibi Karlos Mesa ovoz berish natijalarini tan olmadi. 10-noyabr kuni qurolli kuchlar Moralesni mamlakatdagi barqarorlikni ta’minlash uchun lavozimini tark etishga chaqirdi. Shundan so‘ng u iste’foga chiqishini e’lon qildi.
Mamlakatning barcha oliy rahbariyati ham iste’foga chiqdi, muxolifatchi vitse-spiker Janin Anyes hukumatni qo‘lga oldi.
Boliviyaning sobiq prezidenti va vitse-prezidenti Meksikadan boshpana oldi va mamlakatdan Meksika harbiy havo kuchlari samolyotida evakuatsiya qilindi. Shuningdek, Meksikaning La-Pasdagi elchixonasida o‘z xavfsizligidan qo‘rqqan 20 nafar Boliviya amaldorlari va deputatlari yashirindi.