Tojikistonda O‘zbekiston madaniyati kunlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Birinchi konsert Sadriddin Ayniy nomidagi opera va balet akademik davlat teatrida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi teatrga kirishda karnay surnay sadolari ostida iliq kutib olindi.
Tojik sahnasida eng uzoq kutilgan mehmon O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev bo‘ldi. Konsertda G‘ulomjon Yoqubov, Abduhoshim Ismoilov, Ozoda Nursaidova, Yulduz Turdiyeva, Umid Isroilov, "Maqom", "Toshkent zebolari" ansambllari va boshqa iste’dod egalari ham o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.
Konsert dasturidagi chiqishlar tojik xalqining olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Qayd etish joizki, bu yil Dushanbeda O‘zbekiston madaniyat kunlari doirasida rang-barang tadbirlar, musiqiy dasturlar, ko‘rgazmalar, ijodiy muloqotlar, mahorat saboqlari, uchrashuv va anjumanlar bo‘lib o‘tmoqda.
Kuni kecha O‘zbekiston va Tojikiston madaniyat vazirlari Baxtiyor Sayfullayev va Shamsiddin Orumbekzodaning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ikki tomonlama hamkorlikning asosiy mavzusi ikki davlatning ehtiyojiga ko‘ra, madaniyat yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim sifatini oshirish, balet va opera sohasiga tajribali mutaxassislarni jalb qilish, teatr gastrollarini tashkil etish, maqomni targ‘ib etish haqida bo‘lib, zarur masalalar kelishib olindi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik artistlar Dang‘ara tumaniga tashrif buyurishni rejalashtirishmoqda. U yerda ham o‘zlarining konsert dasturlarini taqdim etishadi.
Sputnik Tojikiston fotojamlanmasida Dushanbedagi O‘zbekiston madaniyati kunlarining yorqin lahzalarini tomosha qiling.