TOShKENT, 10 noya — Sputnik. IIV Samarqanddagi ishchilar o‘rtasidagi ommaviy janjalga oydinlik kiritdi.
IIV rasmiy bayonotida qayd etilishicha, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda, bo‘lib o‘tgan voqeani bo‘rttirib ko‘rsatish, mamlakat fuqarolarini millatchilikda ayblash hamda o‘zbek-turk munosabatlariga sovuqchilik tushirish maqsadida bo‘lib o‘tgan hodisaga go‘yoki “Turk ishchilari oshxonada ishlaydigan mahalliy aëlni zo‘rlaganligi oqibatida” yoki “Janjal mahalliy ishchilarning o‘zlari va turklarga ayni ish uchun berilaëtgan oyligidagi katta farqidan kelib chiqqan” degan vajlarni keltirish holatlari kuzatilgan.
Voqeadan bexabar ayrim fuqarolar esa ushbu vajlarga berilib, salbiy izohlarni tarqalishiga sababchi bo‘lmoqdalar.
Surishtiruv jarayonida mazkur janjal 1996-yilda tug‘ilgan Payariq tumani “Toxirshayx” mahallasida yashovchi, yakka tartibda mavsumiy mehnat bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekiston fuqarosi S.P. “Agromir Bilding” MChJ yollagan quruvchi-montajchi bir nechta Turkiya fuqarolari bilan olovda isinish bahonasidan kelib chiqqanligi aniqlangan. Yuzaga kelgan janjalga qurilishga yollangan boshqa O‘zbekiston fuqarolari aralashib, bir birlariga tan jarohatlari yetkazilgan.
Ta’kidlanishicha, qurilish ishlariga 1800 dan ko‘p O‘zbekiston hamda 200 dan oshiq Turkiya fuqarolari jalb etilgan.
Ushbu holat natijasida Turkiya fuqarolaridan to‘rt nafari va mahalliy fuqarolardan bir nafari yengil tan jarohati olishgan.
Hozirda O‘zbekiston JKning 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Turkiya fuqarolaridan 4 nafari jabrlanuvchi, 11 nafari janjalda ishtirok etgan faol guvoh tariqasida ushbu jinoyat ishiga jalb etilgan.
Shuningdek, 7 nafar O‘zbekiston fuqarolarining jabrlanganligi, jinoyat ishidagi ishtirokchilik va ayblilik darajasiga tergov harakatlari davomida to‘liq aniqlik kiritiladi.
Xabarda holat yuzasidan Samarqand viloyati mutassadi xodimlari tomonidan ishchilar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borayotgani qo‘shimcha qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda ishchilar o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik oqibatida janjal kelib chiqqanligi to‘g‘risida xabar qilingan edi.