TOShKENT, 8 noyab - Sputnik. “O‘zneftgazinspeksiya” tomonidan respublika bo‘ylab nazorat tadbirlari o‘tkazilishi davom ettirilmoqda, xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Navbatdagi tekshiruv ishlari Paxta neft bazasida bo‘lib, ushbu jamiyat tomonidan neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, tarqatish, kirim-chiqish hisobining yuritilishi o‘rganilganda jami 2,7 mlrd. so‘mlik manbaalar aniqlandi.
Jumladan, neft mahsulotlari sig‘imlaridagi mahsulotning haqiqiy qoldig‘i bilan hisobxona qoldig‘i taqqoslanganda jami 300,0 mln. so‘mlik 32,0 tonna kamomad hamda 0,476 mln so‘mlik 0,083 tonna ortiqchalik mavjudligi aniqlandi.
Joriy yil martdan-oktabrga qadar iste’molchilarga yetkazib berilgan neft mahsulotlarini avtotarozi orqali xaridor haqidan urib qolish hisobiga 1 mlrd 614 mln so‘mlik 222,5 tonna neft mahsulotlari o‘zlashtirilganligi ma’lum bo‘ldi. (Mahsulot qiymati 2019-yil 10-oktabr holatiga bo‘lgan o‘rtacha birja kotirovkalari asosida hisoblangan).
Shu bilan birga berilgan bayonotga ko‘ra, jamiyatdagi 26-sig‘imda saqlanayotgan 111 468 kg miqdordagi moyning sifati GOST 8581-78 talabiga muvofiq emas, ya’ni mahsulot sifatsiz deb topilgan. (Mahsulot qiymati 2019-yil 7-11 oktabr holatiga bo‘lgan o‘rtacha birja kotirovkalari bo‘yicha 828,8 mln so‘mni tashkil qiladi).
Aholiga xizmat ko‘rsatish va savdo bilan bog‘liq holatlarda ham kamchiliklar qayd etildi. Tekshiruv davomida neft mahsulotlarining iste’molchilarga yetkazib berilmaganligi qayd etildi. Hududga kiraverishdagi avtomobil tarozilari qasddan o‘zgartirib qo‘yilgan hamda avtotsisternalar og‘irligi 140 kilogrammgacha kamaytirib ko‘rsatilgan.
Natijada, so‘nggi yarim yil ichida qariyb 222,5 tonna turli xildagi neft mahsulotlari iste’molchilarga yetkazib berilmay o‘zlashtirilgani aniqlandi.
Ayni paytda paxta neft bazasining faoliyatini tekshirish huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida davom etmoqda. Tekshiruv natijasida hujjatlar tegishli organlarga topshirildi.