TOShKENT, 7 noyab - Sputnik. Shavkat Mirziyoyev joriy yilda davlat budjetiga tushumlar prognozi ijrosini ta’minlash, tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Yig‘ilishda befarq va mas’uliyatsiz rahbarlar keskin tanqid qilindi.
Qayd etilishicha, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida, Jahon bankining “Biznes yuritish – 2020” hisobotida O‘zbekiston 7 pog‘onaga ko‘tarilib, 69-o‘rinni egalladi va dunyoning eng yaxshi 20 ta islohotchi davlati qatoridan joy olgan.
Joriy yilning o‘tgan 10 oyida 91 mingta yoki 2018-yilgiga nisbatan 2 barobar ko‘p yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi. Lekin hali soha rivoji yo‘lida qilinadigan ishlar ham ko‘p.
Prezident muddatidan oldin soliq olayotgan rahbarlarni tanqid qildi
Shu bois bugungi videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlarga yerni onlayn auksion orqali berish, mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha idoralararo elektron axborot almashinuvini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Xorijiy tajriba asosida, mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan mustaqil o‘tkazishga mas’ul alohida tuzilma tashkil etish taklifi bildirildi.
“Prezident hokimlar 50 foiz ish vaqtini yangi kichik biznes subyektlari tashkil etish va ishlayotgan tadbirkorlarning muammolarini aniqlash hamda hal etishga sarflashi lozimligini ta’kidlab, juda ko‘p rahbarlar bunga befarqlik va mas’uliyatsizlik bilan qarab kelayotganini keskin tanqid qildi”, - deyiladi prezident matbuot xabarida.
Xabarda buni bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalariga kelib tushgan 26 mingta murojaatning deyarli yarmi bevosita tuman darajasida hal qilish mumkin bo‘lsa-da, muammolar joyida yechilmagani uchun fuqarolar yuqori idoralarga murojaat qilishga majbur bo‘layotgani ham yaqqol ko‘rsatib turgani aytilgan.
Ma’lum qilinishicha, bunday holatlar Samarqand, Toshkent, Xorazm, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida ancha yuqori.
Murojaatda tadbirkorlar oldida bundan keyin hech qanday to‘siqlar bo‘lmasligi, hududdagi barcha rahbarlar ularga yaqindan ko‘makchi bo‘lishi, har kuni doimiy ravishda tadbirkorlar masalalari bilan shug‘ullanishi to‘g‘risida hokimlar shaxsan kafolat beradi.
Ta’kidlanishicha, murojaatning bosh mazmuni hamma narsa tadbirkor uchun ekanligini xalqqa yetkazishdan iborat. Shuning uchun murojaatni ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va aholi gavjum joylardagi bannerlarda e’lon qilib, unda hokimlar, sektorlar va mutasaddi idoralar rahbarlarining telefon raqamlari ham ko‘rsatilishi shartligi belgilandi.