TOShKENT, 30 okt – Sputnik. Bojxonachilar umumiy qiymati 2 mlrd so‘mdan ortiq noyob madaniy boyliklarni O‘zbekistondan olib chiqilishiga chek qo‘yishdi.
Bojxona qo‘mitasi xabariga ko‘ra, “Sirdaryo” chegara bojxona postiga “Lasetti” avtomashinasida kirib kelgan fuqaro X.D.ning xatti-harakatlari bojxonachilar e’tiborini tortgan.
Shundan so‘ng avtomobil va uning tirkamasidagi yuklar haydovchi va xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan.
Natijada, ushbu shaxs deklaratsiyada ko‘rsatilmagan va bojxonachilarning og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan, Madaniyat vazirligining tegishli ruxsatnomasi bo‘lmagan, 32 dona turli ko‘rinishdagi haykallar, 1 dona ikona, 1 dona xoch, 12 dona ko‘za hamda 1 dona vazalarni yashirincha olib chiqmoqchi bo‘lganligi aniqlandi.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Badiiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu madaniy boyliklar XVII asr oxiri – XVIII asr boshlarida Xitoy davlati hamda XIX asr oxiri va XX asr boshlarida G‘arbiy Yevropa davlatlarida ishlab chiqarilganligi va ularning umumiy qiymati 2 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etishi ma’lum bo‘ldi.
Noyob “Qur’on” kitobini O‘zbekistondan olib chiqishga yo‘l qo‘yilmadi - video
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.