TOShKENT, 15 okt – Sputnik. O‘zbekistondan maymun bolasini olib chiqishga uringan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, Toshkent viloyati Zangiota tumani hududidan o‘tuvchi davlat chegaralari yaqinida turgan “Spark” rusumli avtomashina bojxonachilar e’tiborini tortdi va avtoulov hamda uning ichida o‘tirgan fuqarolar F.U. va J.S.lar belgilangan tartibda xolislar ishtirokida nazoratdan o‘tkazildi.
Natijada, avtomashina salonida noyob orangutan turiga mansub maymun bolasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, fuqaro U.F. bojxonachilarni payqashi bilanoq uddaburonlik bilan mashina yoniga uloqtirgan tamaki qutisi ham tekshirildi.
Tekshiruv jarayonida tamaki qutisida 0,36 gramm gashish giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.
Fuqaro J.S.ga tegishli sumkada esa 4 dona turli dori vositalari borligi ham ma’lum bo‘ldi.
Qonunbuzardan olingan maymun bolasi Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.