TOShKENT, 26 okt — Sputnik. Mashhur trevel-bloger Aram Vardanyan sayyohlarga Qozog‘iston o‘rniga O‘zbekiston yoki Qirg‘izistonga borishni maslahat berdi, deb xabar qilmoqda Sputnik Qirg‘iziston nashri.
Vardanyan amerikalik do‘sti Megan Starr bilan sayohat qilib, mamlakatlar haqida taassurotlari bilan o‘z blogida o‘rtoqlashmoqda. Oktabr oyida yosh juftlik Olma-Otaga kelgan. Qozog‘iston ular uchun vizasiz mamlakat sanaladi. Ammo haqiqatda erkak yirik muammolarga duch keladi.
Yigitning so‘zlariga ko‘ra, sayohat oldidan u Qozog‘iston TIV saytini sinchkovlik bilan o‘rgangan. Aram ta’kidiga ko‘ra, garchi u o‘ziga kerakli ma’lumotni ingliz tilida topa olmagan bo‘lsa-da, ammo rus tilini bilishi unga asqotgan.
Aeroportga kelgach, undan bir necha kun davomida ro‘yxatdan o‘tishni so‘rashgan. Biroq bojxona vakillari buni qanday amalga oshirish mumkinligini tushuntira olishmagan. Sayohatchi kerakli joyga qiyinchilik bilan yetib olib, bir necha soat vaqtini navbatda turish bilan o‘tkazgan, qog‘ozlarni to‘ldirishda esa unga hatto ruchka berishmagan. Kamiga u pasportini topshirishga va ikki kun davomida hujjatsiz yurishga majbur bo‘lgan.
"Menga Qozog‘iston juda yoqdi. Bu yerning odamlari ajoyib, oshxonasi mazali, tabiati go‘zal. Va men bu haqda ingliz zabonli turistlarga so‘zlab berish uchun kelgan edim. Lekin ular mendan u yerga borsak arziydimi, deya so‘rashsa, men ularga qanday qilib yolg‘on gapirib, ha, arziydi, deb ayta olaman? Yaxshisi haqiqatni gapiraman: O‘zbekiston yoki Qirg‘izistonga boring, u yerlar ham go‘zal, eng asosiysi bunaqa muammolar u yerlarda yo‘q, deb aytaman. Ko‘plar Qozog‘istonga yo‘l olib, ularga viza kerak emasligi tufayli, hammasi oson kechadi, deb o‘ylashadi. Endi tasavvur qiling, kishi tog‘ga ko‘pkunlik turga pul to‘lagan, bu yerga kelgach esa, unga registratsiya kerakligi haqida xabar topgan. Tur uchun pullarni unga tabiiyki qaytarib berishmaydi. Agar u uch kunlik tur uchun pul to‘lagan bo‘lsa, shundan ikki kunini aholiga xizmat ko‘rsatish markazlariga qatnash bilan o‘tkazadi", - deya iqtibos keltiradi bloger so‘zlaridan nashr.
Aramning qiz o‘rtog‘i Megan Starr esa bu kabi qiyinchiliklarga duch kelmaslik uchun oldindan vizani rasmiylashtirishni maslahat bergan.