TOShKENT, 24 okt – Sputnik. Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan “Andijonneft” aksiyadorlik jamiyati faoliyati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jamiyatda “O‘zneftgazinspeksiya” mutaxassislari tomonidan tekshirish o‘tkazilganda, qiymati 12 mlrd 825,9 mln so‘mlik 15 287 tonna hajmda kamomad borligi ma’lum bo‘ldi, xabar qiladi O‘zbekiston energetika vazirligi.
Jumladan, jamiyatning neft konlari, neftni yig‘ish, tayyorlash va topshirish sexlarida o‘tkazilgan hatlovda viloyat neft konlaridan qiymati 254,5 mln so‘mlik 310,2 tonna ortiqchalik va qiymati 22,7 mln so‘mlik 42,4 tonna kamomad, sexlararo quvurlarni demontaj qilishda va neftni qayta ishlash zavodiga yuborishda quvurlar orqali neftni talon-taroj qilish yo‘li bilan qiymati 1 mlrd 404 mln so‘mlik 812,3 tonna tovar neft yo‘qotilganligi, 479,6 mln so‘mlik 795,8 tonna qazib olingan neftni hisobotlarga kiritmagan holda o‘zlashtirish, hisobotlarni soxtalashtirish orqali 2 mlrd 583,8 mln so‘mlik 3486,9 tonna kamomadni va 70,8 mln so‘mlik 95,9 tonna ortiqchaliklarni yashirish, 6 mlrd 313,3 mln so‘mlik 7 697 tonna neftni hisobotlarga qo‘shib yozish, shuningdek, 1 mlrd 678,9 mln so‘mlik 2046,9 tonna neftni bajarilmagan ish hajmini ko‘rsatish hisobiga birlamchi hujjatlarsiz asossiz ravishda hisobdan chiqarish holatlari aniqlangan.
“Andijonneft” AJda faqatgina 2019-yil iyun oyidan sentabr oyigacha bo‘lgan faoliyat davrida jami 1 838 951 734 so‘m qiymatga ega 1 356,8 tonnadan ziyod hajmda neftni asossiz hisobdan chiqarish, qo‘shib yozish, hisobot hujjatlarida va hatlovda kamomadlar hamda ortiqchaliklar aniqlangan.
Tekshiruv yakunida rasmiylashtirilgan hujjatlar Andijon viloyat prokuraturasiga topshirildi va ayni paytda tergov ishlari olib borilmoqda.