TOShKENT, 22 okt - Sputnik. O‘zbekiston TIV Konsullik-huquqiy departamenti mamlakat fuqarolarining Turkiya bojxona va chegara nazorat punktlarida, jumladan, aeroportlarda Turkiya hududiga belgilangan meyordan ko‘proq miqdorda tamaki va alkogol mahsulotlarini olib kirishga urinish faktlari bo‘yicha qo‘lga olinish holatlarga e’tibor qaratdi.
Qayd etilishicha, Turkiya hududida belgilangan meyordan ortiq tamaki va alkogol mahsulotlarini olib kirgan shaxslarga nisbatan Turkiya JKning “Kontrabanda” moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochiladi. Sud qaroriga muvofiq mazkur shaxslar jinoiy ish sodir etgan deb hisoblanadi va ularga nisbatan olti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va ma’muriy jarima to‘lash jazolari qo‘llaniladi.
Sudning yakuniy qarori chiqqunga qadar Turkiya hududidan deport qilingan va sud hukmiga ko‘ra aybdor deb topilgan shaxslar Turkiya vakolatli organlarining ma’lumotlar bazasiga qidiruvdagi shaxs sifatida kiritiladi va davlat chegarasini kesib o‘tish chog‘ida qo‘lga olinadi.
“Shu munosabat bilan TIV Konsullik-huquqiy departamenti hamurtlarimizni tamaki, alkogol va boshqa mahsulotlarni olib kirish bo‘yicha Turkiya Respublikasining bojxona qoidalariga amal qilishga chaqiradi”, - deyiladi TIV xabarida.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda “Yolcular İçin Gümrük Rehberi” (“Yo‘lovchilar uchun bojxona yo‘l ko‘rsatgichi”) mobil ilovasi ishga tushirilgan. Turkiya tomoni ishlab chiqqan mazkur ilova Turkiyaga kelayotgan yoki undan chiqib ketayotgan chet el fuqarolari uchun amaldagi bojxona qonunchiligiga muvofiq olib kirish va olib chiqish mumkin bo‘lgan narsalar, mahsulotlar, pul va qimmatbaho buyumlar bo‘yicha eng zarur ma’lumotlar bilan tez tanishib chiqish imkonini beradi.
“Yolcular İçin Gümrük Rehberi” mobil ilovasi internetga ulanishni talab qilmaydi, avtonom tartibda ishlaydi hamda turk, ingliz, rus, nemis va arab tillarida ma’lumot taqdim etadi.
Quyidagi havola orqali Turkiya Respublikasining qonunchiligiga muvofiq ayrim tovarlarni olib kirish uchun o‘rnatilgan meyorlar bilan tanishishingiz mumkin.