TOShKENT, 22 okt — Sputnik. Bir necha daqiqa oldin Sochidagi “Bocharov ruchey” qarorgohida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Toyyib Erdo‘g‘onning muzokaralari boshlandi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
“Suhbat jiddiy, murakkab va uzoq davom etadigan bo‘ladi. Ular ko‘p masalalarni muhokama qilishlari kerak”, - degan edi Dmitriy Peskov ushbu uchrashuv haqida biroz oldin.
Ma’lum bo‘lishicha, prezidentlar muloqotining asosiy mavzusi - Suriyadagi vaziyat bo‘ladi. Ushbu uchrashuvdan bir kun oldin Anqara Rossiya prezidenti bilan bo‘lib o‘tadigan muzokaralardan so‘ng “kerakli qadamni qo‘yishini” xabar qilgan edi. Ayni damda Suriya shimolida 120 soatlik tinchlik rejimi amal qilmoqda.
Turkiya prezidenti, Suriya shimolida xavfsizlik hududi tashkil qilinishi mumkinligi haqida xabar qilgan edi.
“So‘nggi vaqtlarda erishilgan Rossiya-Turkiya munosabatlari darjasi barcha masalalarni, hatto eng murakkablarini ham Rossiya va Turkiya hamda hududning boshqa davlatlari manfaati yo‘lida hal qilishda yordam beradi deb umid qilaman”, - degan edi Rossiya prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya 9-oktabr kuni Suriya shimoliga o‘z qo‘shinlarini kiritgan edi. Turkiyaning ushbu harakatini dunyodagi ko‘plab mamlakatlar qoralab chiqishdi.