TOShKENT, 19 okt - Sputnik. Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, 100 dollargacha bo‘lgan chet el valyutasini pasportsiz olishga ruxsat berildi.
"Valyuta ayirboshlash shoxobchalarida rezident jismoniy shaxslarga ekvivalenti 100 AQSh dollarigacha (shu jumladan, ekvivalenta 100 AQSh dollariga teng miqdorda) naqd chet el valyutasini sotish operatsiyasi ulardan shaxsini tasdiqlovchi hujjat talab etilmagan holda shoxobchaga topshirgan naqd yoki shaxsiy bank kartasidan yechib olingan milliy valyuta miqdori doirasida amalga oshiriladi", - deyilgan hujjatda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston tijorat banklarida 20-avgustdan boshlab naqd valyuta savdosi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, chet el valyutasini xarid qilgan shaxs bank xodimiga pasportini taqdim etishi shart etib belgilangan edi.