TOShKENT, 18 okt – Sputnik. Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deb xabar qildi Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali.
Prezidentning shu yil 18-iyuldagi farmoniga asosan ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomobillarni topshirib, qiymati orasidagi farqni to‘lash orqali yangisini xarid qilish imkonini beruvchi “TRADE-IN” dasturi 2019-yil 1-oktabrdan tatbiq etila boshladi.
Shunga ko‘ra, hukumatning qator qarorlariga "TRADE-IN" tushunchasi, ushbu dasturni qo‘llash tartibi va shartlarini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.
Xususan, avtomobillar fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan rasmiy dilerlik korxonalariga "TRADE-IN" dasturi bo‘yicha sotilganda bitimning notarial tasdiqlanishi talab etilmaydi.
Shuningdek, rasmiy diler mazkur dastur bo‘yicha ilgari foydalanishda bo‘lgan avtomobilni sotib olganda, vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hududiy DYHXX organlariga taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlar belgilab berildi.
Bunda, avtomobilni vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishda DYHXX organlari tomonidan tegishli ma’lumotnoma beriladi, ushbu ma’lumotnoma avtomobilni boshqarish huquqini bermaydi, shuningdek vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun yig‘im undirilmaydi.