TOShKENT, 16 okt - Sputnik. “Milliy tiklanish” partiyasining Bo‘stonliq tuman Kengashi deputati Yashnobod tuman aholisi bilan janjallashayotgani videosi tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, deputat ko‘pxonadonli uyning birinchi qavatidan ofis olgan va u yerga Maxtumquli ko‘chasidan to‘g‘ri yo‘l solmoqchi bo‘lgan. Bunga mahalliy aholi qarshilik ko‘rsatgan, chunki yangi yo‘l u yerda joylashgan bolalar maydonchasiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan.
Eng asosiysi - deputat ushbu yo‘lni o‘tkazish uchun tegishli organlardan olingan hech qanday ruxsatnomani ko‘rsatmagan. Ruxsatnomani ko‘rsatishni talab qilgan mahaliy aholiga deputat hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lgan. Xususan, deputat yoshi o‘zidan katta bo‘lgan odamga qarab – San kimsan o‘zing? , deya baqirgani videolavhada aks etgan.
Yashnobod tuman hokimligi ushbu vaziyatga hozircha munosabat bildirmadi. Telefon orqali ular bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
Eslatib o‘tamiz, oldin ushbu deputat ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining ziddiyatli g‘oyalari bilan “mashhur” bo‘lgan edi. Xususan u ayollarni davlat boshqarishiga qo‘ymaslik, Qur’onni birinchi sinfdan boshlab o‘qitish, uyg‘urlarni Xitoy hukumatidan himoya qilish va boshqa g‘oyalar bilan chiqqan edi.